Olmaotada Navro‘z bayramini nishonlash paytida norozilik bildirganlar hibsga olindi (VIDEO)
22 martda Olmaota shahri markazidagi Panfilov ko‘chasida Navro‘z bayrami nishonlanayotgan paytda Qozog‘iston rahbariyati tomonidan olib borilayotgan siyosatga norozilik bildirgan bir necha kishi qo‘lga olindi.
Bu haqda xabar qilgan Ozodlik radiosi qozoq xizmatiga ko‘ra, odamlar qo‘lga olingunga qadar Ostona shahrini Nursulton deb qayta nomlash tashabbusiga qo‘shilmasligini bildirgan, iqtisodiy qiyinchiliklar haqida gapirgan.
“Biz o‘zboshimchilikka qarshimiz, biz saylga chiqdik!”, - deb hayqirgan yig‘ilganlar. Politsiyachilar qariyb o‘n kishini xizmat mikroavtobuslariga kuch ishlatib o‘tqazgan.
Xorijda yashovchi muxolifatchi Muxtor Ablyazov 22 mart kuni o‘z tarafdorlarini Olmaota shahridagi Panfilov va Gogol ko‘chalari kesishmasida bayram marosimi boshlanishi bilan namoyishga chiqishga chaqirgan. Shundan so‘ng bu yerda hibsga olishlar ro‘y bera boshlagan.
Ostonada ham bugun bir necha kishi ushlangan. Voqea joyiga yetib borgan Ozodlik jurnalistlariga voqeani yoritishga xalaqit berilmoqda: yoshlar videokamera ob’ektivlarini yopishmoqda, operator va reportyorlarni itarib chiqarishmoqda, politsiyachilar jurnalistlarning professional vazifasini bajarish bo‘yicha murojaatlarini e’tibordan chetda qoldirishmoqda.
Ozodlik muxbirining ma’lum qilishicha, poytaxtda "Nastoyashchee Vremya" telekanali muxbiri Svetlana Glushkova qo‘lga olingan. 21 mart kuni Svetlana Glushkovaga Ostona shahrining Nursulton deb qayta nomlanishiga qarshi norozilik aksiyasini yoritishga xalaqit berishgandi. Qosimjo‘mart To‘qaev Qozog‘iston poytaxti nomini mamlakatning birinchi prezidenti sharafiga qayta nomlash tashabbusini 20 mart kuni bildirgandi.
Qozog‘iston parlamenti mamlakat poytaxti nomini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qonunni 20 martda ma’qulladi. Parlament palatalarining qo‘shma majlisida poytaxt nomini o‘zgartirishni yoqlab Majlisning (quyi palata) 103 va Senatning (yuqori palata) 43 deputati ovoz berdi. Bu haqda xabar qilgan Majlis raisi Nurlan Nig‘matullin qabul qilingan qarorni “tarixiy”, deb baholadi.
To‘qaev birinchi prezident Nursulton Nazarboev o‘z ixtiyori bilan vakolatlarini topshirgandan so‘ng davlat rahbari lavozimiga kirishgan edi.