Uch huquqbon va bir jurnalist qamoqdan chiqarildi
Oʻzbekiston inson huquqlari jamiyatining qamoqdagi 3 nafar faoli Yoʻldosh Rasulov, Choʻyan Mamatqulov va Qudrat Rasulov hamda jurnalist Gʻayrat Mixliboyev ozodlikka chiqarildi. Bu haqda Ozodlikka 20 mart kuni maʼlum boʻlishicha, toʻrt faol joriy yilning 26-27 fevral kunlari qamoqdan chiqarilgan.
Toʻrt faolning ozod boʻlgani haqida Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasiga tayanib, Ozodlikka xabar bergan mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanovga koʻra, uch hafta avval ozod boʻlgan uch huquqbon va bir jurnalistning qamoqdan chiqqani nimaga shu paytgacha matbuotga oshkor etilmagani nomaʼlum:
“Oʻzbekiston inson huquqlari mustaqil tashkiloti faollaridan bunday maʼlumot olgan zahotim GUIN bilan bogʻlanib, masalaga oydinlik kiritishga harakat qildim. Ular fevral oyining soʻnggi kunlaridayoq ozodlikka chiqarilib, uylariga olib borib qoʻyilgan ekan. Afsuski, faollarning oʻzlari bilan bogʻlanish imkoni boʻlmadi” dedi jurnalist Abdurahmon Tashanov Ozodlik bilan suhbatda.
Jurnalistning taʼkidicha, Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish muassasalarining turli koloniyalarida jazo muddatini oʻtayotgan faollar "mamlakat qonunchiligining insonparvarlik va gumanizm tamoyillari asosida muddatidan avval ozodlikka chiqarilgan".
Shu oy boshida uzoq muddat qamoqda oʻtirgan muxolifatchi Isroiljon Xoldorov va jurnalist Yusuf Roʻzimurodovlar ham ozod etilgan edi.
AQSh elchixonasi huquq faollarining qamoqdan chiqarilishini olqishlagandi.
"Biz ozodlikka chiqqan mahbuslarga adolat, sogʻliqni qayta tiklash va yangi kuchlar tilaymiz. Biz Oʻzbekiston hukumatini yana boshqa mahbuslarni ozodlikka chiqarishga va ozod boʻlganlarni ularni toʻlaqonli ozod inson ekanligini tasdiqlovchi hujjatlari topshirilishiga chaqiramiz. Biz umid qilamizki, siyosiy mahbuslarni hibsga olish amaliyoti Oʻzbekiston oʻtmishida qoladi va islohotlar izchil davom ettiriladi”, - deyiladi AQSh elchixonasi bayonotida.
Soʻnggi bir necha oy ichida Oʻzbekistonda oʻndan ziyod huquq faoli va jurnalist qamoqdan ozod etildi.