Hisobot: Rossiya razvedkasi Tolibonga AQSh askarlarini o‘ldirish uchun mukofot bergan
AQSh razvedkasi rasmiylari hulosasicha, Rossiya harbiy razvedkasi Tolibonga aloqador jangarilarga AQSh va AQSh yetakchiligidagi koalitsiya qo‘shinlariga hujum qilish evaziga mukofot taklif qilgan. Bu haqda The New York Times gazetasi xabar qildi.
26 iyun kuni e’lon qilingan maqolada yozilishicha, ismi oshkor qilinmagan AQSh rasmiylari Rossiyaning GRU harbiy razvedkasining maxfiy bo‘limi o‘tgan yilda jangarilarga mukofot va’da qilganini ma’lum qilishgan.
Yevropada qotilliklarni amalga oshirishga urinishlari bilan nom chiqargan GRU Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlarining razvedka idorasidir.
Vashingtondagi Rossiya elchixonasi The New York Times maqolasini darhol «asossiz va anonim ayblovlar» deya rad etdi.
Elchixona Twitterda «#ruslarni ayblashga sabab qolmaganda, @nytimes feyk xabarlarni o‘ylab topadi», deb yozdi.
Elchixona maqolani yozgan uch muxbir «Afg‘onistondagi tinchlik jarayoni bo‘yicha Rossiya va AQSh o‘rtasidagi hamkorlik, Suriya, Shimoliy Koreya, Venesuela va Eron kun tartiblari haqida ma’lumotga ega emasligi ayon», deya qo‘shimcha qildi.
The New York Times maqolasiga ko‘ra, Rossiyaning Afg‘onistondagi bu harakatlari haqida mart oyida prezident Donald Trampga hisobot berilgan, ammo Oq uy hali qanday javob qaytarish masalasida bir qarorga kelgani yo‘q.
Maqolada qayd etilishicha, Tolibonga aloqador jangarilar va’da qilingan pulning bir qismini allaqachon olgan. Ammo maqola mualliflari jangarilar olgan mablag‘ o‘tgan yilda Afg‘onistonda halok bo‘lgan 20 nafar amerikalik askar o‘limiga aloqador ekanligi yoki yo‘qligi noma’lum ekanligini e’tirof etishdi.
AQSh razvedkasi bu ma’lumotlarni asir olingan afg‘onistonlik jangari va jinoyatchilar ko‘rsatmalariga tayangan holda to‘plagan.
Joriy yilning fevralida erishilgan kelishuvga binoan AQSh Afg‘onistondan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketishi mumkin.
The New York Times maqolasiga ko‘ra, koalitsiya askarlariga hujum qilish ko‘rsatmasini Rossiya hukumatida aynan kim bergani, bundan asl maqsad nima bo‘lgani noma’lumdir.
Ayrim AQSh rasmiylari Moskva 2018 yilda Suriyada AQSh harbiylari rus yollanma askarlarini o‘ldirgani uchun o‘ch olishga urinayotganini taxmin qilishdi.
Yana bir qarashga ko‘ra, Rossiya Afg‘onistondagi AQSh qo‘shinlarini olib chiqib ketish jarayoniga xalal berishga urinayotgan bo‘lishi mumkin.
Sovet Ittifoqi 1979 – 1989 yillarda Afg‘onistonda mujohidlarga qarshi olib borgan urush davomida AQSh afg‘onistonlik va xorijlik jangarilarni qo‘llagan.