BMT Tojikistonni bokiralikni tekshirishni taqiqlashga chaqirdi
BMTning Xotin-qizlar kamsitilishiga qarshi qo‘mitasi Tojikiston rasmiylariga murojaat qilib, nikohdan avval bokiralik tekshirilishini taqiqlashga chaqirdi. BMTning fikricha, bu kabi og‘riqli va kamsituvchi amaliyotga tibbiy ehtiyoj yo‘q.
BMTning Xotin-qizlar kamsitilishiga qarshi qo‘mitasining 12 noyabr kuni e’lon qilingan Tojikiston hukumatiga tavsiyasida, “TR Oila kodeksiga nikohdan o‘tuvchilarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish borasidagi o‘zgartishlari ko‘p hollarda bokiralikni antiqlash maqsadida foydalanilayotgani va bu ko‘p hollarda o‘z joniga qasd qilishlarga sabab bo‘layotgani” ta’kidlanadi.
2016 yilda kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, nikohdan o‘tishlaridan avval yoshlar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari va qon topshirishlari kerak bo‘ladi. FXDYo idoralari bu kabi tibbiy ma’lumotnomasiz nikohni qayd qila olishmaydi.
Huquq himoyachilari va BMT ekspertlarining fikricha, "bokiralik instituti" zararli an’ana bo‘lib, “bokiralik 21-asrda insonning sha’nini belgilovchi indikator bo‘la olmaydi, chunki u xotin-qizlarning o‘zlarining tanlovida erkin bo‘la olish huquqlariga ziddir".
Tavsiya BMTning Xotin-qizlar kamsitilishiga barham berish qo‘mitasining a’zolari Jenevada bo‘lib o‘tgan sessiyada Tojikiston hisobotini tinglaganlaridan ikki hafta o‘tib e’lon qilindi. Tojikiston bosh prokurori Yusuf Rahmon boshchilik qilgan delegatsiya tarkibiga Xotin-qizlar va oila qo‘mitasi raisi Idigul Qosimzoda, Tojikiston prezidenti huzuridagi Statistika Agentligi rahbari Gulnora Hasanova kirgan edi.
Tojikistonda bokiralik rasman tekshirilmaydi, ammo shunga qaramay ko‘plab oilalar to‘ydan avval bokiralikni tekshirib ko‘rishadi. Bokiralikni tekshirib ko‘rish maqsadida yuzlab qizlar har yili ixtisoslashgan muassasalarga borishadi. Bo‘lajak kelinlar sharmanda bo‘lishdan qo‘rqqanlari bois tibbiy ko‘rikdan o‘tishga majbur bo‘ladi. Ular asosan qarindoshlari va qo‘shnilar tomonidan bo‘ladigan gap-so‘zlar tufayli oilasi sha’ni bulg‘anmasligini o‘ylashadi.