Eron Iroqdagi qurolli guruhlarga raketa berganiga oid xabarni rad etdi
Eron Reyter axborot agentligining Iroqdagi tarafdori bo‘lmish shia noqonuniy harbiy tuzilmalariga ballistik raketalar yetkazib bergani va ularga o‘sha yerning o‘zida raketa yasashni o‘rgatayotganini haqidagi xabarini rad etdi.
− Bunday soxta va kulgili xabar Eronning tashqi, ayniqsa, qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalarini buzishdan boshqa maqsadni ko‘zlamaydi, − dedi Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Bahrom Qosimiy 1 sentabrda. – Ushbu xabar mintaqa mamlakatlarida qo‘rquv uyg‘otishga qaratilgan.
Reyter agentligi 31 avgust kuni 3 nafar Eron hukumati vakili, Iroq va G‘arbning ikkitadan razvedka manbasiga tayanib tarqatgan xabarga ko‘ra, Eron so‘nggi bir necha oy davomida Iroqdagi tarafdorlariga yaqin radiusli ballistik raketalar yetkazib bergan.
Xabarda bir necha rasmiylarga tayanib aytilishicha, Tehron Iroqdagi tashkilotlarga qanday qilib raketa ishlab chiqarishni o‘rgatmoqda.
AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo 1 sentabrda Tvitterda Eron Iroq hududiga ballistik raketalar yetkazib berayotgani haqidagi “xabarlardan qattiq tashvishga tushgani”ni yozdi.
Iroq hukumati va harbiy xizmatchilari xabarga izoh berishdan bosh tortdi.
G‘arbdagi manbaning Reyterga bildirishicha, o‘nlab raketa Iroqdagi shia xalq qo‘shiniga yetkazib berilgan.
Yana Reyter rasmiy Bag‘dod tashkilotlarni Tehronga qarshi borish yoki shia tarafdorlari bilan hamkorlik qilishni to‘xtatishga ko‘ndira olmayotganini yozdi.
“Zelzal”, “Fotih-10” va “Zulfiqor” raketalari 200-700 kilometr radiusdagi nishonlarni ura oladi. Ular Iroq g‘arbidan aholisi asosan shialardan iborat Eronning azaliy raqibi Saudiya Arabistoni va Isroilning Tel-Aviv shaharlariga yetib borishi mumkin.
Eronning yirik vakolat va qudratga ega Islom inqilobi sipohlari korpusining (IISK) chet eldagi bo‘linmasi bo‘lmish “Muqaddas sipoh”ning o‘sha hududda bazalari bor.
Agar ushbu amaliyot rost ekani tasdiqlansa, bu hol Vashington bilan Eron o‘rtasidagi munosabatlarni yanada keskinlashtirishi mumkinligi kutilmoqda.
Raketalarni Iroqqa yetkazib berilgani Fransiya, Germaniya va Britaniyani ham norozi qilishini kutish mumkin, chunki ular AQSh prezidenti Trampni Eronning yadro dasturi bo‘yicha 20105 yili imzolangan bitimdan chiqmaslikka ko‘ndirishga uringan edi.