Rahmat Oqilov terrorchilikda aybdor deb topildi va umrbod qamoqqa hukm etildi (VIDEO)
7 iyun kuni Shvetsiya poytaxti Stokholm sudi o‘zbekistonlik muhojir Rahmat Oqilovni terrorchilikda aybdor deb topdi va umrbod qamoqqa hukm qildi.
Shvetsiyada umrbod qamoq jazosi o‘rtacha 16 yilni tashkil etadi - Oqilov bu muddatni o‘tab bo‘lganidan so‘ng¸ Shvetsiyaga qaytmaydigan qilib¸ O‘zbekistonga deportatsiya qilinadi.
2017 yilning 7 aprelida Oqilov Stokholm markazidagi piyodalar yuruvchi ko‘chada yuk mashinasini qasddan odamlar ustiga haydagani oqibatida 5 odam o‘lgan, 10 nafari jarohatlagan edi.
Stokholm mahkamasi Oqilovni shuningdek yana 119 odamni qasddan o‘ldirishga urinish¸ 24 nafar shaxs hayotiga tahdid qilganlikda ham aybdor deb topdi.
Sud terror hujumidan omon qolganlarga kompensatsiya¸ o‘ldirilganlar yaqinlariga esa yetkazilgan zararni qoplash haqida ham hukm chiqardi.
Oqilov jinoyati “Shvetsiyada amalga oshirilgan eng mudhish terror xurushi” sifatida baholanayotgani bois¸ shved matbuotiga ko‘ra¸ jamoatchilik sud hukmini katta qiziqish bilan kuzatmoqda. Bugungi yakunlovchi sud majlisi Stokholm shahar zalida o‘tkazildi.
Hukm o‘qilishi oldidan jurnalistlarga gapirgan prokuror Hans Ihrman “umrbod qamoq jazosidan boshqa har qanday jazo ehtimoldan yiroqdir”¸ deya bayonot berdi.
Oqilov tergov davomida o‘g‘irlangan yuk mashinasini atayin piyodalar ustiga haydagani va bu ishni “Islom davlati” guruhi amirining buyrug‘i bilan amalga oshirganini e’tirof etgan.
Ikki oydan ko‘proq davom etgan mahkama jarayonida 100 dan oshiq odam, jumladan, hujumda tirik qolganlar hamda qurbon bo‘lganlar qarindoshlari ko‘rsatma berdi.
26 aprel kungi sud majlisida Shvetsiya prokuraturasi vakili Rahmat Oqilovga umrbod qamoq jazosi berilishini so‘ragan edi.